Iyul oyida Uchquduqda harorat yangi mutlaq maksimum — 49,7 darajaga yetdi, deya O‘zgidromet xabar berdi. Meteostansiyadagi avvalgi rekord 46,2 daraja bo‘lib, 2021-yilda qayd etilgan edi.
O‘zbekiston hududining katta qismida o‘rtacha oylik harorat iqlim me’yoridan 1,3–2,3 daraja, shimol va cho‘l hududlarining ayrim joylarida esa 2,5–2,8 daraja yuqori bo‘ldi. Shu bilan birga, oy boshida havo me’yordan 3–5 daraja salqinroq edi.
Issiq 18–19-iyul kunlari eng yuqori darajaga chiqdi: aksariyat hududlarda havo 43–45 darajagacha, janub va cho‘l zonasida 46–50 darajagacha isidi. Buxoroda 46,9 daraja, Navoiy va Arnasoyda 46,5 darajadan, Samarqandda 43,6 daraja bilan yangi mutlaq rekordlar qayd etildi.
Toshkentda 19-iyul kuni harorat 44,3 darajaga ko‘tarildi. Bu poytaxtda 1997-yil 18-iyulda qayd etilgan mutlaq maksimumdan 0,3 daraja past. Eng kuchli issiq davrida tunda harorat 25–28 darajadan, janub va cho‘l hududlarining ayrim joylarida esa 30–33 darajadan pasaymadi.
Harorat 40 daraja va undan yuqori bo‘lgan kunlar markaziy va sharqiy hududlarda 3–8 kunni, boshqa joylarda 9–18 kunni, chekka janub va Qizilqum cho‘lida esa 19–23 kunni tashkil etdi. O‘zgidromet bu ko‘rsatkichlar ko‘p yillik o‘rtacha qiymatlardan ancha yuqori ekanini bildirdi.
Yog‘inlar notekis taqsimlandi. Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida oy asosan quruq keldi. 4-iyul kuni Toshkentda oylik me’yor 3,4 mm bo‘lgan holda 9 mm, Do‘stlikda esa me’yor 2,8 mm bo‘lgan holda 24,6 mm yomg‘ir yog‘di.
Ayrim joylarda shamol tezligi 15–20 m/s gacha kuchaydi. 1-iyul kuni Nukusda va 19-iyul kuni Ustyurtda shamol tezligi 22–25 m/s ga yetdi; ayrim hududlarda chang bo‘ronlari va changli tuman kuzatildi.








