Jamiyat

Sog‘liqni saqlash vazirligi: O‘zbekistonda bir yilda 28 719 ta yangi saraton holati aniqlandi

Bolalar va o‘smirlar orasidagi yangi tashxislar 24,5% ga kamayib, 624 taga tushdi.

Nur terapiyasi uchun chiziqli tezlatgich

2025-yilda O‘zbekistonda 28 719 ta xavfli o‘sma holati ilk bor ro‘yxatga olindi. Bu har 100 ming aholiga 76,5 ta holat degani.

Mutlaq raqamlarda eng ko‘p yangi holat Toshkentda qayd etildi — 4 538 ta. Toshkent viloyatida 2 950 ta, Farg‘onada 2 894 ta, Namanganda 2 438 ta va Andijonda 2 359 ta holat aniqlandi.

Har 100 ming aholiga hisoblaganda ham eng yuqori ko‘rsatkich poytaxtda kuzatildi — 151,8 ta. Keyingi o‘rinlarda Buxoro viloyati 96,4 ta, Toshkent viloyati 94,8 ta va Navoiy viloyati 82,5 ta holat bilan turibdi.

Ro‘yxatga olingan kasallanish ko‘rsatkichining yuqoriligi hududdagi vaziyat albatta yomonroq ekanini anglatmaydi. Statistikaga aholi yoshi, diagnostikaning mavjudligi, skrining qamrovi va hisob sifati ta’sir qiladi. Ixtisoslashgan muassasalar Toshkentda jamlangani sababli boshqa hududlardagi bemorlar ham poytaxtga yuboriladi.

Bolalar va o‘smirlar orasida bir yil ichida ilk bor aniqlangan holatlar soni 24,5% ga — 827 tadan 624 taga kamaydi. 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarda ko‘rsatkich 672 tadan 505 taga, 15–17 yoshli o‘smirlarda esa 155 tadan 119 taga tushdi.

2026-yilda saratonga qarshi, target, immunobiologik, gormonal va hamroh dori vositalarini markazlashgan tartibda xarid qilish uchun qariyb 260 mlrd so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Islom taraqqiyot bankining onkologik yordam bo‘yicha loyihasi 80 mln dollarga baholangan. 2025-yil oxirigacha 14 ta onkologiya muassasasiga 62 mln dollarlik 1,7 mingdan ortiq uskuna, jumladan chiziqli tezlatgichlar, MRT apparatlari, raqamli mammograflar va angiografiya tizimlari yetkazildi.

2027-yildan mamlakatda Saraton kasalligiga qarshi kurash milliy dasturini bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgan.

2030-yilgacha kasalliklarni erta bosqichda aniqlash ulushini 40% ga, bemorlarning besh yillik yashovchanlik ko‘rsatkichini esa 35% dan 45% ga oshirish rejalashtirilgan.

Samira GanievaКорреспондент