Jamiyat

O‘zbekiston MET fermerlarni ogohlantirdi: elektr tarmog‘i yonidagi olov uzilishlarga olib kelishi mumkin

Muhofaza zonalarida o‘simlik qoldiqlarini yoqish, yo‘llarni to‘sish va yonilg‘i saqlash mumkin emas.

Yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyasi ostidagi quruq o‘t yong‘ini

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» fermerlarni yuqori kuchlanishli tarmoqlar yaqinida olov yoqish va chiqindi to‘plash xavfi haqida ogohlantirdi, bu haqda kompaniya murojaatida aytilgan.

«Aziz fuqarolar, hurmatli iste’molchilar, yurtimiz zahmatkash dehqon va fermerlari! Yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlariga tutash ekin maydonlarida mavsumiy agrotadbirlarni tashkil etishda e’tiborli bo‘ling. Magistral elektr tarmoqlari muhofaza zonasi va yuqori kuchlanishli podstansiyalar yaqinida chiqindilarni to‘plash hamda olov yoqish taqiqlanadi» — «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» axborot xizmati.

Cheklovlar Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-dekabrdagi 1050-son qarorida belgilangan. Qoidalar yong‘in, ekologik zarar yoki elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlarining barqaror ishlashiga xalaqit berishi mumkin bo‘lgan harakatlarni taqiqlaydi.

Muhofaza zonalarida quyidagilar taqiqlanadi:

  • sim va tayanchlarga begona buyumlarni otish, tayanchlarga chiqish yoki ularning qismlariga shikast yetkazish;
  • energetika obyektlariga olib boradigan yo‘lak va yo‘llarni materiallar yoki boshqa buyumlar bilan to‘sish;
  • elektr uzatish liniyalari va podstansiyalar yaqinida olov yoqish hamda ekin qoldiqlarini kuydirish.

Bu hududlarda ommaviy tadbirlar o‘tkazish, savdo rastalari va chiqindixonalar tashkil etish, yonilg‘i-moylash materiallarini saqlash yoki to‘kish ham mumkin emas.

Olov va tutun havoning ionlashuviga, qisqa tutashuvga, simlarning shikastlanishiga va elektr energiyasining ommaviy uzilishiga olib kelishi mumkin. Kompaniya fermerlarni mavsumiy ishlar paytida talablarga rioya qilishga chaqirdi.

Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari uchun to‘liq eslatma magistral elektr tarmoqlari operatorining saytida joylashtirilgan.

Rustam AbduazizovРедактор