2026 yil oxirigacha O‘zbekiston 100 ming bosh qoramol hamda 150 ming bosh qo‘y va echki import qilishni rejalashtirmoqda. Bu topshiriq bahor va yoz boshida go‘sht narxi 6–8 foizga oshgani fonida berildi.
Yil boshida o‘tkazilgan qishloq xo‘jaligi ro‘yxati qoramollar soni avvalgi statistik bahodan 2,1 million bosh kam ekanini ko‘rsatdi. Qo‘y va echkilar soni esa 1,5 million boshga kam bo‘lib chiqdi.
Qashqadaryo viloyatida tafovut 171 ming bosh qoramol va 288 ming bosh qo‘yni tashkil etdi. Aniqlangan taqchillik tufayli bozorga 50 ming tonna go‘sht va 120 million litr sut kam yetkazilgan.
Chorvachilik loyihalari uchun imtiyozli kreditlarga Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan 1 trillion so‘m ajratildi. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi bu maqsadlarga qo‘shimcha 50 million dollar yo‘naltiradi.
Kreditlar yillik 10 foiz stavkada 10 yilga, to‘rt yillik imtiyozli davr bilan beriladi. Chorvachilik fermasini ochish uchun 5 milliard so‘mgacha, naslchilik xo‘jaligini tashkil etish uchun esa 20 milliard so‘mgacha mablag‘ olish mumkin bo‘ladi.
Go‘shtni havo transportida import qilish uchun imtiyoz va subsidiyalar 2026 yil oxirigacha saqlanadi. Ushbu choralar ichki bozorda mahsulot taklifini oshirishi kerak.
Kartoshka bilan bog‘liq muammoni ham hal qilish topshirildi: intervensiya xaridlaridagi uzilishlar sabab fermerlar 325 ming tonna hosilni sota olmadi. Mahsulot davlat zaxirasiga maqbul narxlarda xarid qilinib, taqchillik davrida bozorga chiqarilishi kerak.
Yil oxirigacha umumiy sig‘imi 87 ming tonna bo‘lgan 340 ta sovutkichli omborni ishga tushirish rejalashtirilgan. Hokimlarga hududiy oziq-ovqat jamg‘armalarini 500 milliard so‘mgacha tezroq to‘ldirish ham topshirildi.








