Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi shaharlardagi bo‘shayotgan hududlarda bog‘lar tashkil etish haqidagi loyihani jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.
Tashabbus shifoxonalar, oliy ta’lim muassasalari hamda ekologik xavflilikning I va II toifasiga kiruvchi ishlab chiqarish obyektlari ko‘chirilgan yerlarni qamrab oladi. Bu joylarda turar joy majmualari, savdo-ko‘ngilochar markazlar va ofislar qurilishini taqiqlash taklif etilmoqda.
Loyihada bunday hududlarni o‘zgartirishning 14 bosqichi belgilangan. Har yili 1-fevralgacha hokimliklar obyektlar ro‘yxatini tuzadi, so‘ng vakolatli idoralar bino va yerlarni inventarizatsiyadan o‘tkazadi.
Mustahkam binolarni bog‘ ma’muriyati yoki ekologik markazlar uchun saqlab qolishga, avariya holatidagilarni esa buzishga ruxsat beriladi. Sobiq sanoat hududlari zaharli ifloslantiruvchilardan tozalanishi kerak.
Tayyorlangan yerlarni maqsadli foydalanish turini o‘zgartirish huquqisiz Milliy qo‘mita balansiga bepul o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Yangi bog‘larga kirish aholi uchun bepul bo‘lishi kerak.
Tadbirkorlarni bog‘larni saqlash ishlariga auksionlar va davlat-xususiy sheriklik orqali jalb qilish taklif etilmoqda. Ularga fudkortlar, uskunalar ijarasi va sport maydonchalari uchun yengil konstruksiyalar o‘rnatishga ruxsat beriladi.
Savdo obyektlari uchun daraxt kesish va yashil hududni qisqartirishni taqiqlash taklif qilinmoqda. Biznes faoliyati shartlariga o‘simliklarni muntazam sug‘orish va aholining erkin kirishini ta’minlash kiritiladi.
Bog‘larni mahalliy budjetlar, «Yashil makon» loyihasi mablag‘lari, grantlar va xususiy investitsiyalar hisobidan moliyalashtirish rejalashtirilgan. Har bir obyekt haqidagi ma’lumot ochiq e’lon qilinadi.








