Oliy Majlis Senati «Bozor nazorati to‘g‘risida»gi qonunni ma’qulladi. U nooziq-ovqat mahsulotlari bozorga chiqarilgandan keyin ularning xavfsizligini nazorat qilishning yagona tizimini joriy etadi.
Nazorat tadbirkorlarni ommaviy tekshirishga emas, muayyan mahsulotga qaratiladi. Tekshiruvlar xavf darajasi asosida o‘tkaziladi, idoralar vakolatlari esa mahsulot guruhlari bo‘yicha taqsimlanadi.
Nazorat organlari nazorat xaridlarini, ekspertiza va laboratoriya sinovlarini o‘tkaza oladi. Mahsulot xavfli deb topilsa, uni savdodan qaytarib olish yoki olib qo‘yish mumkin bo‘ladi.
Javobgarlik ishlab chiqaruvchi, import qiluvchi va sotuvchini qamrab oladi. Mahsulot qaytarib olinganda iste’molchiga yetkazilgan zarar qoplanishi kerak.
Xavflarni boshqarish tizimi ehtimoliy xatarni ko‘rsatsa, bojxona tovar partiyasini chiqarishni vaqtincha to‘xtata oladi. Vakolatli idora uch ish kuni ichida yukni tekshirishi, zarur bo‘lsa ombordan namuna olib laboratoriyaga yuborishi kerak.
Nazorat xaridlari xavf mezonlari asosida videoyozuv bilan va zarur hollarda guvohlar ishtirokida o‘tkaziladi. Tadbirkorlar jarayonda qatnashish, hujjatlar bilan tanishish, yozuv olib borish va qarorlar ustidan shikoyat qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Xavfli mahsulotlar bo‘yicha milliy axborot tizimi va raqamli baza ham yaratiladi. Qonun O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishga tayyorgarligi bilan bog‘liq.








