Oliy Majlis Senati Enterprise Uzbekistan xalqaro raqamli texnologiyalar markazi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunni ma’qulladi, deb xabar berildi parlament yuqori palatasi saytida.
Markaz IT Park hududida ingliz huquqi tamoyillari asosida ishlaydi. Qonun uning faoliyati uchun alohida huquqiy asos yaratadi.
Senat hujjatning dastlabki tahririni avvalgi yalpi majlisda ko‘rib chiqib, takliflar bilan Qonunchilik palatasiga qaytargan edi. Loyiha senatorlar, deputatlar va davlat organlari vakillari ishtirokidagi kelishuv komissiyasi tomonidan qayta ishlab chiqildi.
Markaz ishtirokchilari uchun moslashuvchan soliq va bojxona rejimi, ayrim faoliyat turlari bo‘yicha imtiyozlar hamda uskunalar, texnologiyalar va materiallarni soddalashtirilgan tartibda import qilish rejalashtirilgan.
Ro‘yxatdan o‘tish va boshqaruv uchun yagona darcha, shuningdek, intellektual mulk va investitsiyalarni himoya qilish kafolatlari ham nazarda tutilgan.
Senatorlar bahosiga ko‘ra, markaz faoliyati O‘zbekistonning raqamli xizmatlar eksportini 2030-yilgacha $5 mlrd ga yetkazish va 300 mingdan ortiq yuqori maoshli ish o‘rni yaratishga yordam beradi.
Qonun yirik xalqaro IT kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga kirishini yengillashtirishi kerak. Markaz boshqaruvi, uning chegaralari va asosiy rahbarlarni tayinlash mexanizmlari prezident hujjatlari bilan belgilanadi.








