O‘zbekiston 2025-yilda Markaziy Osiyoning 9,9 milliard dollarlik turizm xizmatlari eksportining 4,8 milliard dollarini ta’minladi, deya Jahon sayohat va turizm kengashi (WTTC) tadqiqotiga asoslanib Turizm qo‘mitasi xabar berdi.
Mintaqaning turizm xizmatlari eksporti bir yilda 26,4% ga oshdi. Turizmning Markaziy Osiyo yalpi ichki mahsulotiga umumiy hissasi 17,7% ga, bevosita hissasi esa 19,6% ga ko‘paydi. Turizm eksporti o‘sish sur’ati bo‘yicha mintaqa dunyoda birinchi o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston Markaziy Osiyo aholisi orasida eng ommabop yo‘nalish bo‘ldi: safarlarning 25% mamlakat hissasiga to‘g‘ri keldi. Qozog‘iston 23%, Qirg‘iziston 18%, Rossiya 16% va Turkiya 6% ulush oldi.
Mintaqa turizm sohasidagi xarajatlarning 64,3% ini xorijiy sayyohlar, 35,7% ini ichki sayohatchilar ta’minladi. Xorijiy mehmonlar xarajatlarining 84,5% i dam olishga, 15,5% i xizmat safarlariga to‘g‘ri keldi.
WTTC O‘zbekistonning o‘rnini tarixiy-madaniy meros va mintaqa ichidagi sayohatlarga talab bilan bog‘ladi. Kengash fikricha, chegara tartiblarini soddalashtirish, aviaqatnovlarni rivojlantirish va qo‘shma yo‘nalishlar boshqa mintaqalardan sayyohlar oqimini oshirishi mumkin.
WTTC prognoziga ko‘ra, 2036-yilga borib turizmning Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga umumiy hissasi 29,7 milliard dollarga yetadi.








