Iqtisodiyot

Moliya sektori mijozlarining biometrik ma’lumotlari O‘zbekistonda saqlanishi shart

Talab to‘lov xizmatlari, faktoring platformalari va kredit byurolariga tatbiq etildi.

O‘zbekiston Markaziy bankining Qashqadaryo viloyati filiali binosi

Moliya tashkilotlari mijozlarni identifikatsiya va autentifikatsiya qilishda foydalanadigan biometrik ma’lumotlar endi O‘zbekiston hududida saqlanishi shart, bu Markaziy bank qarorida belgilangan.

Talab to‘lov tizimi operatorlari, to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchilar, elektron faktoring platformalari va kredit byurolariga tatbiq etiladi.

Markaziy bank boshqaruvining 21/4-son qarori 22-iyulda qabul qilingan va 1-avgustda Adliya vazirligida 3914-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan kuchga kiradi.

Tegishli qoida tashkilotlarning har bir guruhi uchun amaldagi axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga kiritildi.

Mijozlarning biometrik bo‘lmagan boshqa shaxsga doir ma’lumotlarini “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunning 27¹-moddasi uchinchi qismiga muvofiq xorijda saqlash va ularga ishlov berish mumkin.

Demak, hududiy cheklov barcha shaxsga doir ma’lumotlarga emas, aynan mijoz shaxsini tekshirishda ishlatiladigan biometrik ma’lumotlarga taalluqli.

Samira GanievaКорреспондент