Iqtisodiyot

Jahon banki Markaziy Osiyodagi suv loyihalariga $20 mln yo‘naltiradi

2031-yilgacha mintaqada oltitagacha qo‘shma infratuzilma tashabbusini tayyorlash rejalashtirilgan.

Markaziy Osiyodagi qurg‘oqchil manzara orasidagi suv ombori

Jahon banki guruhi Ijrochi direktorlar kengashi Markaziy Osiyoda transchegaraviy suv hamkorligini rivojlantirish loyihasini ma’qulladi, deb ma’lum qildi tashkilot.

$20 mln miqdoridagi grant Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi Ijroiya qo‘mitasiga beriladi. Mablag‘ Markaziy Osiyoda suv resurslarini samarali boshqarish bo‘yicha hamkorlik dasturiga yo‘naltiriladi.

Loyiha Amudaryo va Sirdaryo havzalarida mamlakatlar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni yaxshilashi kerak. Eskirgan infratuzilma, ma’lumot almashishning sustligi va so‘nggi 60 yilda muzliklar maydonining 30% qisqargani asosiy muammolar sifatida ko‘rsatilgan. Hamkorlik yetarli emasligi tufayli mintaqaning yillik yo‘qotishlari $4,5 mlrddan ortiq deb baholanmoqda.

Dastur suv hisobini raqamlashtirish va ikki daryo havzasidagi axborot tizimlarini yangilashni nazarda tutadi. Mintaqaviy suv xo‘jaligi tashkilotlarining 100 nafargacha xodimi o‘qitiladi.

2031-yilgacha kamida ikki davlat ishtirokidagi oltitagacha transchegaraviy infratuzilma loyihasi tayyorlanishi rejalashtirilgan. Ular irrigatsiyani modernizatsiya qilish, suvni saqlash va resurslarni birgalikda boshqarishni qamrab olishi mumkin. Tashkilot hisobiga ko‘ra, loyiha mintaqadagi qariyb 40 mln kishiga bevosita yoki bilvosita foyda keltiradi.

Rustam AbduazizovРедактор